Sudlar faoliyatini yoritish bo‘yicha jurnalistlar uchun seminar-trening Buxoroda o‘z ishini boshladi
30-iyul kuni Buxoro shahrida Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlari ommaviy axborot vositalari vakillari uchun 2 kunlik seminar-trening o‘z ishini boshladi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, USAID hamda "East-West Management Institute" xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan Mass-media fondi va AOKA bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan "Sud-huquq tizimini mustahkamlash" loyihasi doirasida bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – jurnalist va blogerlarning sudlar faoliyatini yoritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, shuningdek, ushbu mavzu bo‘yicha materiallar tayyorlashda yuzaga keladigan muammolarni hal etish bo‘yicha fikr almashishdan iboratdir.
Treningda sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda sud-huquq tizimining axborot siyosati konsepsiyasi, sud hokimiyatining ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorligining huquqiy asoslari, kiberxavfsizlik va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, raqamli gigiyena va ijtimoiy tarmoqlarda nafrat tili muammosi kabi bir qator masalalar atroflicha o‘rganildi.
Seminar davomida rezonansli ishlar bo‘yicha sud majlislarini ommaviy axborot vositalarida yoritish misollari asosida simulyatsiya o‘yinlari ko‘rinishidagi amaliy mashg‘ulotlarga alohida e’tibor qaratiladi.