Fond haqida

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi 2019 yil noyabr oyida bir guruh tashabbuskor jurnalist va blogerlar tomonidan ommaviy axborot vositalari sohasini rivojlantirish, media vakillarining huquqlarini himoya qilish va ularni moddiy qo‘llash maqsadida tashkil etildi. 

2016 yildan O‘zbekistonda jurnalistika va bloging shiddat bilan rivojlana boshladi. Ommaviy axborot vositalari vakillari kuchli bir harakatga aylandi. Ammo shunga qaramay, sohaga oid muammolarni muhokama qilish mumkin bo‘lgan va ularni hal etishning yagona strategiyasini ishlab chiqadigan platformaga ega emasdilar. Ularning huquqlarini himoya qiladigan, davlat bilan muloqotda manfaatlarini ifodalaydigan, qonunlarni ishlab chiqish va takomillashtirishda professional darajada ishtirok etadigan tashkilot yo‘q edi.

Vaziyat jiddiy tus oldi, media sohasining tarqoqligi kasbiy inqirozga olib kela boshladi. Shu bois jurnalist va blogerlarni birlashtirib, ularni himoyalashga xizmat qiladigan jamoat tashkiloti tuzishga qaror qilindi. Bu tashkilot O‘zbekiston milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bo‘ldi.

Fond faoliyati asosan quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:

  • Moliyaviy yordam;
  • Ilmiy-uslubiy ta’minot;
  • Huquqni himoya qilish;
  • Ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish.

Fond va uning loyihalari homiylar mablag‘lari, hududiy grantlar va xorijiy donorlarning mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.


Fondning asosiy maqsadi — media bozorida ommaviy axborot vositalari uchun teng sharoit yaratishga, ularni yanada rivojlantirishga, shuningdek, jurnalist va blogerlar huquqlarini himoya qilishga ko‘maklashishdan iborat.


Asosiy vazifalar 

  • Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishda OAV, jurnalist va blogerlarga oid istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • OAVning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, jurnalist va blogerlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularga huquqiy, tavsiyaviy, tashkiliy, texnik va boshqa turdagi yordam ko‘rsatish;
  • OAVni rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazish;
  • Xorijiy tashkilotlar bilan sheriklik aloqalarini o‘rnatish;
  • Jurnalistlar, blogerlar va mass-medianing boshqa vakillarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
  • OAV, shuningdek, jurnalist va blogerlarning nufuzini oshirish, media hamjamiyatining o‘zini o‘zi boshqarish mexanizmlarini ishlab chiqishga ko‘maklashish;
  • Axborot sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga oid takliflar ishlab chiqish.