Media Job Fair – 2025: Media sohasidagi mehnat yarmarkasiga taklif etamiz!

22 - Aprel, 2025
media job fair uz

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Milliy media birlashmasi barcha qiziquvchilarni 29-aprel kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan "Media Job Fair – 2025" media sohasidagi mehnat yarmarkasida ishtirok etishga taklif etadi.

Zamonaviy texnologiyalar va onlayn ish qidirish platformalarining keng tarqalishiga qaramay, mehnat yarmarkalari hanuz ish beruvchilar va ish izlovchilar uchun bevosita muloqot maydoni sifatida muhim rol o‘ynamoqda. Ushbu tadbir orqali ish beruvchi tashkilotlar qisqa vaqt ichida ko‘plab nomzodlarni baholab, munosib xodimlarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Media Job Fair - 2025 yarmarkasida bir qator xususiy va davlat ommaviy axborot vositalari, vazirlik va idoralar matbuot xizmatlari, shuningdek, korporativ sektor vakillari ishtirok etadi.

Yarmarkada media sohasi vakillari – talabalar, jurnalistlar, muharrirlar, rejissyorlar, operatorlar, montajchilar, fotograflar, marketologlar va boshqa sohaga qiziquvchilar uchun ish o‘rinlari taqdim etiladi. Ishtirokchilar yarmarka davomida mavjud vakansiyalar bilan tanishish, rezyumelarini topshirish hamda mutaxassislarning ma’ruzalari orqali sohaga oid foydali bilimlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Tadbir tashkilotchilari: Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Milliy media birlashmasi.

Tadbir o‘tkazilish sanasi va vaqti: 2025-yil 29-aprel, soat 10:00 dan 16:00 gacha.

Manzil: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti (Toshkent shahri, Markaz-5, Qiyot dahasi, 80-uy).

Tadbirda ishtirok etish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab qilinmaydi. Kirish bepul.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring