“O‘zbekistonda media iste’molini o‘rganish bo‘yicha milliy tadqiqot” nomli keng ko‘lamli loyiha ishga tushirilmoqda

24 - Avgust, 2026
MediaConsumptionReportPosterUZB

Mass-media Fondi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda media iste’molini o‘rganish bo‘yicha milliy tadqiqot” nomli keng ko‘lamli loyihani amalga oshirishga kirishmoqda. Mazkur tashabbus aholining axborot olish odatlarini tizimli o‘rganish, turli axborot manbalariga ishonch darajasini aniqlash va milliy mediakontent sifatini baholashga qaratilgan.

Ushbu tadqiqot qanday ahamiyatga ega?

O‘zbekiston mediamanzarasi 2016-yilda islohotlar boshlanishi bilan jiddiy o‘zgarishlarga yuz tutdi: mamlakatda yaratilgan sharoitlar tufayli matbuot jamiyatdagi o‘rnini mustahkamladi. Axborot texnologiyalari rivojlanishi va O‘zbekiston chekka hududlarida internetning paydo bo‘lishi natijasida axborot yanada ommalashdi.

Shu bilan birga, keng ko‘lamli raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarining rivojlanishi, shuningdek, asosiy axborot manbai bo‘lgan rasmiy OAV o‘rnini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar egallashi mediasoha qoidalarini tubdan o‘zgartirib yubordi.

Bu jarayonlarning barchasi aholining mediakontent iste’moli xususiyatlari, uning ahamiyati haqida tadqiqotni amalga oshirish ehtiyojini yaratdi.

Mazkur tadqiqotlar milliy ommaviy axborot vositalariga o‘z biznes jarayonlarini takomillashtirish, tahririyat doirasida kadrlarni yanada samarali taqsimlash, kontentni diversifikatsiya qilish nuqtalarini ko‘rsatib beradi. Reklama beruvchilar esa o‘z kampaniyalari uchun eng samarali kanallarni aniqlab olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Tadqiqot natijalari, shuningdek, mediasavodxonlik dasturlarini ishlab chiqishga mas’ul davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va texnologik kompaniyalar kabi mediasohaning boshqa ishtirokchilari uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Loyiha bosqichlari va tadqiqot metodologiyasi

Loyiha 2026-yil oxirigacha ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich bevosita tadqiqotdan iborat bo‘lib, uning yakunlari bo‘yicha “Mediakontent iste’moli to‘g‘risida”gi Milliy hisobot tayyorlanadi va keng jamoatchilik e’tiboriga havola etiladi.

Loyiha uchun ma’lumotlar tasodifiy tanlanma asosida O‘zbekistonning barcha hududlarida, jumladan, qishloq joylarida respondentlar bilan yuzma-yuz suhbat o‘tkazish orqali to‘planadi. Tadqiqotda kontent iste’moli manbalar (televideniye, radio, bosma nashrlar, shuningdek, raqamli OAV), jins, yosh va boshqa shu kabi mezonlar kesimida ko‘rib chiqiladi.

Amaliy tadqiqotni “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi olib boradi.

Loyihaning ikkinchi bosqichida tashkilotchilar to‘plangan ilmiy ma’lumotlarga tayanib, O‘zbekiston hududlarida jurnalistlar, yoshlar va davlat idoralari matbuot xizmatlari uchun qator o‘quv seminarlari va axborot kampaniyalarini o‘tkazadi.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring