Media yoshlarning ruhiy salomatligi mavzusidagi stigmalarni bartaraf etishda katalizator bo‘lishi mumkin
Ruhiy salomatlik hayotimiz sifatiga, kayfiyatimizga va kundalik qiyinchiliklarni yengish qobiliyatimizga ta’sir ko‘rsatadi. Unga e’tibor qaratish hissiy muvozanatni saqlashga, atrofdagilar bilan munosabatlarni yaxshilashga, ish va o‘qishdagi samaradorlikni oshirishga yordam beradi.
Brifing davomida mutaxassislar yosh avlodning ruhiy va psixologik salomatligiga alohida e’tibor qaratish muhimligini ta’kidladilar, chunki bu sog‘lom millat shakllanish jarayoning asosiy omillaridan biridir.

Biroq, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, turli sabablarga ko‘ra ruhiy va psixologik kasalliklarga chalingan yoshlar soni ortib bormoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekistonda 2023-2026-yillarda bolalar va o‘smirlarning ruhiy salomatligini yaxshilash bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi ishlab chiqilgani qayd etildi. Mamlakatimizdagi barcha umumta’lim muassasalarida maktab psixologi lavozimining joriy etilishi muhim qadam bo‘ldi. Biroq, shu bilan birga, tezkor yechim talab etadigan bir qator masalalar hali ham mavjud.
Hozirgi kunda, afsuski, yigit-qizlar va ularning ota-onalari ko‘pincha ruhiy kechinmalar bilan bog‘liq muammolarni muhokama qilishni uyat deb bilishadi. Ya’ni, ular stress yoki tushkunlik holatida bo‘lganlarida, jamiyat ularga boshqa ko‘z bilan qarashidan yoki butunlay rad etishidan qo‘rqib, yordam so‘ramaydilar. Agar mavzu jamiyat tomonidan “taqiqlangan” bo‘lsa, muammoni hal qilishga yordam beradigan xizmatlardan foydalanish ham imkonsiz bo‘lib qoladi.

Mass-media fondi direktori Jahongir Azimov o‘z nutqida: “Uzoq vaqt davomida O‘zbekistonda ruhiy salomatlik masalalariga yetarlicha e’tibor berilmadi. Hatto hozir ham ko‘pchilik oilalarda ruhiy salomatlik haqidagi suhbatlar tabu hisoblanadi. Axborot tobora ochiq bo‘lib borayotgan hozirgi raqamli dunyoda aholining, ayniqsa, bolalarning psixologik salomatligini e’tibordan chetda qoldirish mumkin emas. Buning uchun avvalo jamiyatda ruhiy salomatlik haqida gaplashishni oddiy holga aylantirish kerak. Ushbu maqsadga erishishda ommaviy axborot vositalari ulkan kuchga ega. Ammo avvalo jurnalistlarning o‘zlari insonlarning ruhiy salomatligi mavzularini to‘g‘ri yoritish bo‘yicha ko‘nikma va bilimlarga ega bo‘lishlari lozim,” - dedi.

YUNISEFning sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shuhrat Umarxo‘jayev ham ruhiy salomatlikka oid ma’lumotlarni keng auditoriyaga yetkazish, bu boradagi stigmalarni bartaraf etish muhimligi haqida so‘zlab, quyidagilarni ma’lum qildi:
“Bugungi kundagi vaziyat aholining ruhiy salomatligi bo‘yicha xabardorligini keskin oshirishni talab qilmoqda. Ruhiy salomatlikka muammo sifatida emas, balki farovon hayotning ajralmas qismi sifatida qarash kerak. Bunda media va blogerlar katta yordam ko‘rsatishi mumkin, lekin buning uchun mavzuni to‘g‘ri yoritish zarur. Ushbu sohadagi stereotiplar va afsonalarni yo‘q qilish hamda kamsitish stigmasini kamaytirish lozim.”
Ochiq muloqot davomida ommaviy axborot vositalari vakillari va mutaxassislar bolalarning huquqlarini hisobga olgan holda ushbu mavzudagi materiallarni qanday yozish kerakligi, bunday maqolalarni tayyorlashda qonunchilik va axloqiy jihatdan qanday to‘siqlar yuzaga kelayotgani va axborot ijobiy tusga ega bo‘lishi uchun birinchi navbatda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi haqida fikr almashdilar.