Jamoatchilik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

13 - Fevral, 2020
Jamoatchilik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

2020-yil 12-fevral kuni Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi huzurida tashkil etilgan Jamoatchilik kengashining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda bir qator masalalar ko‘rib chiqildi.

Dastlab Jamoatchilik kengashi raisi, o’rinbosari va kotibi saylandi. Ochiq ovoz berish orqali AnhorUz nashri bosh muharriri Lola Islamova Jamoatchilik kengashi raisi, bloger Qobil Xidirov rais o’rinbosari hamda bloger Laziz Hamidov kotib sifatida saylandi.

Shundan so’ng matbuot sohasiga oid qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish masalasi muhokama qilindi. Jamoatchilik kengashi a’zolari sohaga oid bir nechta qonun va qonunosti hujjatlarini bitta kodeks sifatida birlashtirishni, ushbu masala yuzasidan katta tajribaga ega jurnalistlar, huquqshunoslar va ekspertlardan iborat ishchi guruh tuzishni taklif qilishdi.

Bundan tashqari, media sohasidagi vakant ish joylari haqida ma’lumotlar beruvchi portal yaratish orqali jurnalistlarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish, jurnalist va blogerlar uchun o‘quv hamda tajriba almashish kurslarini tashkil etish masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.

Shuningdek, milliy mass-media sohasidagi muammolarni batafsil, mohiyatan o‘rganish va ularni bartaraf etish yuzasidan asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish maqsadida turli mavzularda, xususan, jurnalistikada gender tengligi va muammolari masalasi, O‘zbekistonda mass-medianing rivojlanish tendensiyalari, blogerlik sohasiga oid tadqiqotlar o‘tkazib borish zarurligi ta’kidlandi.

Ma’lumot uchun, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi huzuridagi Jamoatchilik kengashi quyidagi tarkibda tasdiqlandi:

  1. Sherzodxon Qudratxo‘jayev (O‘zJOKU, Xalqaro press-klub)
  2. Azamat Atajanov (GazetaUz)
  3. Umid Shermuhammedov (KunUz)
  4. Muhrim A’zamxo‘jayev (DaryoUz)
  5. Xurshid Daliyev (HumanUz)
  6. Qamariddin Shayxov (QalampirUz)
  7. Abdug‘ani Abdurahmonov (XabarUz)
  8. Lola Islamova (AnhorUz)
  9. Jaloliddin Safoyev (SevimliTV)
  10. Qobil Ahmedov (MY5 va Yoshlar TV)
  11. Hojimurod Atakulov (Oriat-dono FM)
  12. Qobil Xidirov (bloger)
  13. Nozim Safarov (bloger)
  14. Ali Qahhorov (bloger)
  15. Laziz Hamidov (bloger)
  16. Kirill Altman (bloger)
  17. Feruzxan Yakubxodjayev (bloger)
  18. Nikita Makarenko (bloger)
  19. Sasha Ivanyujenko (bloger)
Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring