Toshkent shahrida jurnalistika fakultetlari talabalari uchun OAVda sud jarayonlarini yoritish amaliyotiga bag‘ishlangan ikki kunlik seminar-trening o‘z ishini boshladi
Bugun Toshkent shahrida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining jurnalistika fakultetlari talabalari uchun ommaviy axborot vositalarida sud jarayonlarini yoritish amaliyotiga bag‘ishlangan ikki kunlik seminar-trening o‘z ishini boshladi. Tashkilotchilar – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va “East-West Management Institute” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda sudlar faoliyatini professional darajada yoritib bera oladigan jurnalist kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj sezilarli darajada ortgani mazkur tadbir mavzusining dolzarbligini belgilab bermoqda.
Trening ishtirokchilari Oliy sud vakillari bilan birga sud jarayonlarini yoritishning axloqiy va huquqiy jihatlarini muhokama qilishadi. Axborot olish huquqi va shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi o‘rtasidagi muvozanatni saqlash masalasi ko‘rib chiqiladi.
Trening davomida ishtirokchilarga jamoatchilik e’tiborini tortgan sud ishlari bo‘yicha ma’lumot to‘plash va materiallarni tayyorlash usullari, advokatlar va sud jarayoni ishtirokchilari bilan suhbat uchun savollar tayyorlash qoidalari, hujjatlar va sud qarorlarini tahlil qilish, sud ishlarini yoritishda ochiq ma’lumotlarni izlash va ulardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalar o‘rgatiladi. Axborot va uning manbalarini tekshirishga alohida e’tibor qaratiladi.