Toshkent viloyatida jurnalistlar uchun gender sezgir kontent yaratish bo‘yicha ikki kunlik trening o‘z yakuniga yetdi
Bugun Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida jurnalist va blogerlar uchun gender sezgir kontent yaratishga bag‘ishlangan ikki kunlik trening o‘z ishini yakunladi.
Tadbir Mass-media fondi tomonidan BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) hamda O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Treningning asosiy maqsadi ishtirokchilarning gender tengsizlik muammosi, uning turlari, shakllari, gender stereotiplarining paydo bo‘lishi va saqlanib qolishi sabablari haqidagi bilimlarini oshirishdan iborat edi. Ushbu bilimlar gender sezgir xususiyatlarni hisobga olgan holda kontent yaratishga va jamiyatda gender zo‘ravonligi hamda ustunligiga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga yordam berishi ko‘zda tutilgan.
Treningda yirik respublika ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, mintaqaviy nashrlar jurnalistlari va blogerlar ishtirok etdi. Ularning auditoriyasi juda xilma-xil bo‘lib, maktab o‘quvchilari va talabalardan tortib, alohida ehtiyojlarga ega bo‘lgan ijtimoiy guruhlargacha qamrab oladi.
Mamurjon Axlidinov, Mediaplus loyihasi bosh muharriri:
"Bizning loyihamiz nogironligi bo‘lgan shaxslar, jumladan, eshitish qobiliyati cheklangan odamlar bilan ishlaydi. Ular alohida xavf ostida. Masalan, agar qiz yoki ayolga nisbatan, og‘zaki bo‘lmagan tilda zo‘ravonlik sodir etilsa, u ba’zan hatto bu haqda gapirishga qodir bo‘lmaydi. Shuningdek, bu toifadagi odamlar ma’lumotlardan foydalanish va xususan, agar jabrlanuvchiga aylanib qolsang, nima qilish kerakligini tushuntirish bilan bog‘liq muammolarga duch kelishadi. Umid qilamanki, ushbu treningdan so‘ng qiyin vaziyatga tushib qolganlarga yanada malakali tavsiyalar bera olaman."
Ikki kun davomida murabbiylar Venera Ermetova (Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi murabbiyi, BMT Aholishunoslik jamg‘armasining milliy maslahatchisi) va Kamola Aliyeva (falsafa fanlari doktori, gender tenglik bo‘yicha mutaxassis) interfaol tarzda mavzu bo‘yicha ma’lumot almashdilar va trening ishtirokchilarining amaliy ishlar orqali o‘rgangan bilimlarini tekshirdilar. Suhbat shunday tashkil etildiki, ishtirokchilar nafaqat tayyor xulosalarni oldilar, balki o‘zlari ham ma’lum xulosalarga keldilar.
Trening doirasida "Search for Common Ground" xalqaro nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Mass-media fondining "SHE LEADS" loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Loyiha texnologiyalardan foydalangan holda gender zo‘ravonlikka qarshi kurashishga bag‘ishlangan.