Ingliz tilidagi kitoblar poytaxt maktab-internatga topshirildi

14 - Fevral, 2020
77 sonli maktab-internatga ingliz tilidagi adabiyotlar yetkazib berildi

2019 yil mart oyidan beri davom etayotgan «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasida brayl alifbosda chop etilgan ingliz tilidagi darsliklar va badiiy adabiyotlar Londondan keltirilib, Toshkent shahridagi 77-sonli ko‘zi ojiz bolalar maktab-internatiga topshirildi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisining o‘rinbosari Saida Mirziyoeva o‘quv muassasasi direktori Rustam Safarovga kitoblarni taqdim etdi.

Mamlakatning barcha ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga shu turdagi kitoblarni yetkazish rejalashtirilgan.

«Ko‘ngil ko‘zi» ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan insonlarning ijtimoiy reabilitasiyasiga ko‘maklashish, ko‘zi ojizlar va zaif ko‘ruvchilarni zarur adabiyotlar bilan ta'minlash uchun qulay sharoitlar yaratish, madaniy ob'ektlardan foydalanish va ushbu soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihadir.

Loyihani amalga oshirish davomida ixtisoslashtirilgan maktablarga qator fanlar bo‘yicha Brayl alifbosida chop etilgan darsliklar, musiqa asboblari va sport anjomlari taqdim etildi; ekrandagi matn bloklari, yorliqlar nomi va menyu bandlarini ovozli ifodalovchi ichki dasturga ega 20ta zamonaviy monobloklar bilan jihozlangan axborot-kutubxona komp'yuter markazi ochildi. Shuningdek, har bir monoblokka 300 dan ortiq audio kitoblar kiritildi.

Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona negizida jahon adabiyoti asarlari asosida audiokitoblar yaratilmoqda. F. Dostoevskiyning «Jinoyat va jazo» (o‘zbek tilida), S. Ahmadning «Ufq», A. Qodiriyning «O‘tkan kunlar», xalq ertaklaridan «Tohir va Zuhra» va boshqa audiokitoblar shular jumlasidan.

«Bolalik kunlarimda» telegram kanalida 184ta (92ta o‘zbek tilida va 92ta rus tilida) audio ertak o‘rin oldi.

Savitskiy muzeyidagi eng mashhur badiiy asarlarning taktil (bo‘rtma) modellari, shuningdek, Registon ansamblining mufassal 3D modeli yaratildi.

Samarqandda «Samarkand Half Marathon» birinchi xalqaro xayriya marafoni bo‘lib o‘tdi. Tadbirdan tushgan mablag‘ teatrlar uchun tiflosharh uskunalarini sotib olib, o‘rnatishga sarflandi. Bu ilk bor mazkur maqsadli auditoriyaga mo‘ljallangan spektaklni namoyish etish imkonini berdi.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring