Mass-media fondi va UNAIDS O‘zbekistondagi ofisi hamkorligida OIV bilan bog‘liq masalalarni to‘g‘ri yoritish bo‘yicha trening bo‘lib o‘tdi

Bugun Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlanish fondida jurnalistlar va blogerlar uchun OIV bilan bog‘liq masalalarni to‘g‘ri yoritish bo‘yicha trening bo‘lib o‘tdi.
Trening Mass-media fondi va BMTning OIV/OITS bo‘yicha Qo‘shma dasturining O‘zbekistondagi ofisi (UNAIDS) hamkorligida tashkil etildi.
Mazkur treningning asosiy maqsadi OAVda OIV mavzusining to‘g‘ri yoritilishiga ko‘maklashish, jamiyatning xabardorligini oshirish va OIV bilan yashovchi odamlarning stigmatizatsiyasini kamaytirishga ko‘maklashishdan iboratdir.
Tadbirda asosiy ma’ruzachi sifatida UNAIDSning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi vakili Snejana Kolomiyets qatnashdi. U OIV mavzusini yoritishda jurnalistik etika tamoyillari xususida so‘zlab, amaliy tavsiyalar bilan ham o‘rtoqlashdi. OIV - bu to‘laqonli hayotga xalaqit bermaydigan hamda nazorat qilinadigan infeksiya ekanligi haqidagi muhim qoidani keng jamoatchilikka yetkazishga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar faol ravishda savollar berib, OAVda ushbu mavzudagi materiallar sifatini oshirish yo‘llarini muhokama qildilar.